Холдербай Усманович : другие произведения.

Donotelo (Hikoya). Донотело (Ҳикоя). Превращение(Рассказ на узбекском языке)

Самиздат: [Регистрация] [Найти] [Рейтинги] [Обсуждения] [Новинки] [Обзоры] [Помощь|Техвопросы]
Ссылки:
Школа кожевенного мастерства: сумки, ремни своими руками
 Ваша оценка:

  
  Xoldor Vulqon
  Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi
  
  
  
  Donotelo
  (Hikoya)
  
  
  
  Hammasi oʻsha tongdan boshlandi. Donotelo ertalab soqol qirtishlayotib, ogʻzi oʻraday ochilgan kuyi, koʻzguga, xuddi yarim tun toʻlin oyga tikilgan odamday yovvoyi hayrat bilan temulganicha, qattiq qoʻrqib ketdi. Yoʻq, u qorday oqargan sochlari siyraklashib, yuzlari chuqur ajinlardan tirishib, yuzlari bujmayib, boshi kanadaliklar "Xelovin" nomli qoʻrquv bayramida odamlarni hazillashib qoʻrqitish uchun yasaydigan "Jak o Lentern" qizil kadiga, qovoqqa oʻxshab qolgani uchun emas, balki oʻzini tosh bilan ursa, chil -chil sinib ketishi mumkin boʻlgan omonat koʻzgu ekanini anglab, daxshatga tushdi. Ha, Donotelo jimgina oqarishib kelayotgan nimqorongʻu subhi sodiq sukunatiga aks -sado berib, bir maromda shatillayotgan farrosh supurgisining tovushlaridan koʻzlarini uqalab uygʻonguvchi kimsasiz osuda tonglarni, quyoshni qarshilab, oʻtloq ustida muallaq qanot qoqqanicha, toʻliqib, toshib sayrayotgan bijildoq toʻrgʻaylarni, choshgox paytlari uvotlarda oh chekuvchi popishaklarni, dov -daraxtlaru yovvoyi dala chechaklarini, bepoyon osmonni, yam -yashil qirlarga soya tashlab oʻtguvchi shoshqin bulutlarnigina emas, kungaboqarlar umidvor termulgan alvon ufqlarni, shomgi oʻtloqlarda mahzun ma'raganlaricha qishloqqa qaytayotgan sigirlarning xorgʻin karvonini, poda tuyoqlaridan koʻtarilgan chang -gʻubor toʻzoni ichra goh koʻrinib, goh koʻzdan gʻoyib boʻlganicha qamchisini havoda qarsillatib, xushtak chalayotgan choʻponni, tungi tomlar uzra bodroqday sochilgan olis yulduzlarni, shomgi daryo suvlarida lapanglayotgan yolgʻiz bakenning xorgʻin chiroqlarini, itlar erinib xurayotgan, chirildoqlar goh baland, goh past tovushda chirillayotgan kecha, darchalarga oʻgʻrincha moʻralaguvchi oyni oʻzida, xuddi koʻzguday aks etdirajagini anglab etdi. U odam emas, shunchaki oxirlab, oyoqlab borayotgan yozni, tumanli dalalar ustidan "Qruv! Qruv!" deya shovqin solib, kuzgi gʻarib, gʻamgin osmonni vidoga toʻldirib, janub tomon uchguvchi gala gala turnalar faryodini, xazonrez bogʻlarda chirpirab uchib, toʻzgʻiyotgan, toza yoʻlaklarga ohista toʻkilayotgan qaxrabo yaproqlarni, noyabr yomgʻirlari hosil qilgan koʻlmaklar koʻzgusidagi bepoyon osmonlarni xatlab oʻtayotgan oʻychan, kamsuqum yoʻlovchilarni oʻzida, oʻzi sezmagan holatda aks etdiradigan, bor yoʻgʻi ikki oyoqli koʻzgu ekanini tushundi.Donoteloni qogʻoz koʻzgusida inson qiyofasini aks etdirguvchi suratlar emas, koʻproq siyrat qiziqtiradi. U ba'azan: - odamzod pasportiga faqat suratini emas, mohir siyratkashlar tomonidan siyratga tushirilgan, uning qanday shaxs ekani koʻzgudagiday aniq - tiniq aks etdirguvchi siyratini ham qadoqlab qoʻyilsa yaxshi boʻlar edi -deya oʻylab qoʻyadi, ichida. u qoʻlida qirgʻich bilan koʻzguga termular ekan, koʻzgudagi oʻzining qadrdon aksi, unga xuddi suvsiz quduqqa tushib ketgan odam kabi, moʻltayganicha jim, umidvor qarab turganini koʻrdi. Shu holatda arqon tashlab, oʻz aksini koʻzgu qudugʻidan qutqarishning iloji yoʻqligi haqida taassuf bilan oʻyladi. Buning ustiga, oʻzi ham allaqachon koʻzguga aylanib boʻlgan. Bunday chuqurroq oʻylasa, Donotelo oʻzining telba umrida qancha qancha voqea hodisalarni, qancha odamlarni, bahorni, yozni, kuzni va qish payti pastak darcha ortida, qorongʻu zulmat qa'rida boʻralab yogʻayotgan tungi laylakqorni, goh yorugʻ darchalarga qoʻnib, goh zuvillaganicha zulmatlar qa'riga uchguvchi qorzarralar toʻzonini, kimsasiz yoʻl chetida begʻamgina qor maydalayotgan koʻcha fonuslarini, qor qoplagan kimsasiz yoʻllaru oppoq sukunatga choʻmgan qorli dalalarni,iliq aprel kechalari oydinda koʻzguga termulganday shaffof koʻlmaklarga boqib, oʻz aksiga hayrat ichra boqqan oyni oʻzida aks etdiribduyu, bu haqda oʻzi bexabar yashayveribdi. U bolalik paytlaridayoq, jismu jasadini tark etib, allaqachon tubsiz, shaffof, sindirib, chilparchin qilinsa ham, toʻgʻrisini aks etdirib turaveradigan bezbet, rostgoʻy, shafqatsiz, tiniq bir koʻzgugu aylanib boʻlgan ekan. Darvoqe', dunyoda koʻzguga aylanish va oʻzining koʻzguga aylanib qolganini sezib yashash qanchalar mashaqqatli ekanini faqat koʻzguga aylangan odamlargina biladilar. Axir, oʻzingiz oʻylang, koʻzguga aylangan omonat odamga bironta bola otgan daydi tosh yo gʻisht parchasi kelib, tegsa, yo tumanda koʻrmay, bironta yoʻlovchi bilan tasodifan toʻqnashib ketsa, yo boʻlmasa, daraxt, yoki, beton simyogʻochga oʻzini urib olib, shu ondayoq jaranglab, chil -chil sinib, toʻkilib, bir uyum shisha sinigʻiga aylansa, xoʻmraygan farrosh, achchiq tamakini burqsitib chekkanicha, norozi qiyofada gʻudranib, uning siniqlaringizni supurib, toʻplab, axlat qutisiga uloqtirishi aniq. Ha, jismu jasadi shishaga doʻngan, shaffof odamga oson tutib boʻlmaydi. Yaxshisi, Donotelo oʻsha tong koʻzguga qaramasa, soqol qirtishlamasa ham boʻlar ekan, aslida. Nega ham qaradi? Soqoli oʻssa, oʻsib yuravermaydimi, tagiga suv oʻtmaydigan poʻstakka aylanib? shu shu Donotelo ishga ketayotib va qaytayotib, jamoat transportlarida juda ehtiyotkorlik bilan harakatlanadigan boʻldi. Odam tirbant avtobuslarda tajang yoʻlovchilarning birini akamsiz, boshqasini pochchamsiz deya iloji boricha ularning jigʻiga tegmaslikka harakat qiladi. Xudo koʻrsatmasin, bironta janjalkash, tajang yoʻlovchi tirsagi bilan biqiningiza bir turtsa, tamom, Donotelo shu ondayoq shriq etib, bir xalta shisha sinigʻiga aylanadi. Shu unga kerakmi? Yoʻq, albatta. Bunday olib qaralsa, koʻchalarni toʻldirib borayotgan yoʻlovchilarning koʻpchiligi allaqachon koʻzgugu aylanib boʻlganliklarini, hammalari yaraqlab, yarqirab, oʻzlari sezmagan holda, oʻzlarida bir birlarini aks etdirib borayotganlarini sezmaydilar hatto. Donotelo to kulgi xonasiga oʻrnatiladigan qabariq, qiyshiq oynalarga aylangan odamlarni uchratmagunincha, "Bu dunyodagi hamma odamlar bir hil, rostgoʻy, shaffof va beshafqat koʻzgu" degan oʻz fikri ojizingizda sobit yuraverdi. Ammo, qingʻir koʻzgularga koʻzi tushishi bilanoq, oʻz burni qovunday, ogʻzingiz oʻraday, qulogʻingiz patnisday, koʻzlaringiz xitoyi chiniy kosaday, qorningiz qopday, ingichka boʻyningiz haddan tashqari uzayib, qoʻllaringiz dashtdagi tovushqonning old oyoqlariday qisqarib, oyoqlaringiz qiyshayib koʻrinarkan, oʻzini oʻzi tanimay, kulgisi qistab, zoʻriqishdan boʻynilarigacha qizarib, qaxqaxa otib yuborishdan oʻzingizni arang tiyarkan, kulib yuborib, qingʻir oynaga aylanib qolgan baxil, qalbi qora, xasadgoʻy kimsalarning fisqu fasodlariga, fitnalariga, tuxmatlariga uchramaslik uchun ham u qabariq koʻzgularga iloji boricha qaramaganim ma'qul degan qat'iy qarorga keldi. Odamzod shaffof, tiniq koʻzgugu aylangan kunidan boshlab, ming -ming odam olomoni ichida ham oʻzini, xuddi ota -onasi yoʻq etimday, togʻ oʻngirlarida oʻz ovozining aks -sadosi bilan suhbatlashadigan yarim yovvoyi odamday yolgʻiz his etaveradi va harchand urinmasin, baribir, qayta odamga aylanolmaydi. Borliq uning istak - irodasiga qarshi unda aks etaveradi ya'ni. Ba'zan, oʻziga oʻzi: -Men koʻzgu emasman! - deya oʻzini ishontirishga urinasada, aksiga olib, badtar jilvalanib, tevarakda yuz berayotgan hush -nohush voqea , hodisalarni, xususan, kitob oʻqigani haqida emas, balki kecha choyxonada bir yashiq aroqni toʻrt kishi ichib yuborganlari, kamiga nasha chekib, qotib qolganlari haqida maqtanguvchi, jaxolat va naxs botqogʻiga botgan avlodlar olomonini oʻzida, oʻz hoxishingizga qarshi muttasil aks etdiraveradi. Koʻzguga aylangan odam, dunyoda yuz berayotgan qonli urushlarni, jangu jadallarda nohaq qurbon boʻlayotgan ming -minglab soldatlaru, qoʻltiqtayoqda qush kabi dikonglab, xakkalab yurguvchi mayib, majrux ishga yaroqsiz nogironlarni, bogʻchalarida bemalol oʻynolmaydigan, urush tufayli etim qolgan begunox bolalarni, maktablarda ta'lim ololmay savodsiz toʻdaga aylangan yosh avlodni, vayron qilingan shahru qishloqlarni, yuk -taqini aravalarga yuklab, oʻz tugʻilib oʻsgan Vatanlarini majburan tark etib, gʻurbatga yuzlangan millionlab nochor qochqinlar yuz -koʻzidagi chuqur qaygʻu - hasrat soyalarini, goʻdaklarning koʻz yoshlarini oʻzida aks etdirgan paytlari, bironta tosh yo gʻisht parchasini olib, oʻzini oʻzi urib, chil parchin qilib, sindirishni oʻylaydi, ammo bunga jur'at etolmaydi.
  - Koshki bu koʻzgu, oʻrgimchak inlari osilgan tashlandiq kulbam derazasining qarovsiz oynalari kabi changu gʻuborlardan xiralashsa, axmoq, mustabid, telba hukmdorlar boshlagan qonli urushlarni, nodon, avtoritar, mustabid hukmdor sabab, quloqlarigacha sanksiyalar botqogʻiga botgan jamiyatni, soʻz, fikr va matbuot erkinligidan judo etilgan shoʻrlik, mazlum xalqlarni aks etdirmasaydim! - deydi u, sovuq kuz zulmatida borliqni savalab yogʻayotgan yomgʻirday achchiq achchiq pichirlab. Koʻzguga esa, buyruq berib boʻlmaydi. U oʻz mijozining kamchiliklarini ayovsiz, roʻyi rost koʻrsatib, oʻz surat va siyratini toʻgʻrilab olishga, toʻgʻri yashashga, halol ishlashga chorlaguvchi beminnat muxolifat kabidir. Shular haqda oʻylar ekan, Donotelo koʻchada oʻzlariga oʻxshash koʻzgularning koʻzlarini qamashtirib, bir -birlarini oʻzlarida aks etdirib, yaltillab, yaraqlab, qayoqqadir maqsadsiz ketib borayotgan qingʻir, qabariq koʻzgu olomoniga ich -ichidan gʻoyibona achinadi, ularga rahmi keladi. Uydagi koʻzgu esa, boshqa gap. U koʻzguga qaragan zaxotingiz, siz koʻzguga emas, aksincha, koʻzgu, oʻzi sezmagan holda sizga aylanadi. Yana bir sirli va ilohiy koʻzgu borki, u koʻngil koʻzgusidir. Bu koʻzguni sindirish uchun tosh yo gʻishtning keragi yoʻq. Uni bitta soʻz bilan ham chil - parchin qilish mumkin. Singan qalb koʻzgusi koʻzga koʻrinmagani uchunmi, uning singan paytdagi jaranglagan tovushi eshitilmaydi va u sinsa yamab, chegalab, butlab ham boʻlmaydi. Chilparchin boʻlgan qalb koʻzgusining siniqlari, xuddi, aylantirsang, turli fantastik shakl - shamoil hosil qilguvchi koleydoskopdagi mayda shisha siniqlari kabi oʻsha koʻzguga aylangan odam ichida, bir umr shiqirlab yuraveradi. U koʻzguda koʻzguga aylangan shaffof odamning bolaligi oʻtgan joylar, allaqachon buzilib, oʻrniga shahar barpo etilgan, koʻklam chogʻi loypaxsa tomida qurtena, qargʻatirnoqlar oʻsib, lolaqizgʻaldoqlar ochilib yotgan pastak loypaxsa tomli qadrdon qishloq uylari, koʻchalar, paxta paykallari, dala shiyponi, ketmonlarining tigʻi oftob nurida yaraqlab, dalalarda mehnat qilayotgan dexqonlar, er bagʻirlab uchayotgan qaldirgʻochlar, tolga osilgan traktor lemexini choʻyan murvat bilan urib, odamlarni tushlikka chaqirayotgan oshpaz xotin, Klang! -Klang! Klang! -deya uzoq - uzoqlarga taralguvchi zang tovushi, kimsasiz poda yoʻli uzra jimirlagan sarob, kakkular sayrayotgan jiydazor, olis dala uvotlari, tanasiga quloch etmas mirzateraklarda, tollarda, baqateraklarda chugʻur chugʻur sayrab, quloqni batanga keltiradigan darajada shovqin solguvchi murosasiz, janjalkash shom chumchuqlari, uzoqlarda daranglagan paqir, buzoqning mahzun maragani, eshiklarning gʻijirlab ochilgani, jizillayotgan qozon, qozonga urilayotgan kafgir tovushini ham qoʻyaturing, hatto och qolgan qonxoʻr iskabtoparlarning mahzun, ayanchli gʻingʻillashigacha aniq -tiniq eshitilguvchi shomgi gʻarib, yuvosh sukunat va dalalar uzra, xuddi ipi qoʻldan chiqqan pufak kabi osmonu falakka sassiz sadosiz, ohista koʻtarilayotgan oy xuddi hozirgiday aks etib turaveradi.Koʻzguninng hayajon va hayratga liq toʻla atigi bir donagina koʻzi bor va u jiqqa yoshga toʻlganday taasurot uygʻotadi odamda. Donotelo chaqmoqlar chaqib, momaqaldiroqlar boʻkirguvchi yomgʻirli kunlar, soyabon ostida koʻlmaklarni xatlab oʻtayotgan mahal koʻlmak koʻzgusida jilvalangan oʻz aksini, oʻychan qiyofasini koʻlmak koʻzgusi oʻz hotirasida saqlab qolishiga, bu dunyoda barcha mavjudodlarning, hatto toshning ham hotirasi bor ekanligiga zoʻr berib, oʻzini ishontirmoqchi boʻladi. Aslida, koʻzgu odam bolasiga endi u qadar yangilik emas. Negaki, u yaralmasidan avval ham bor edi. Dengiz, daryo va boshqa tiniq suv havzalarida, chelakdagi, yoxud choʻmichdagi suvda osmon, bulutlar, oy va yulduzlar aks etar edi, lapanglab, jilvalanar edi. Lekin, koʻzgu kashf etilgach, odamlar unga eng sirli moʻjizaga qaraganday termuladigan boʻldilar - oʻylaydi u. Shunday oʻylar ogʻushida, xovuz suvining shaffaf koʻzgusi uzra ildiz otgan koʻzagullarga, nilufarlarga, suv tubida xuddi akvariumdagiday bemalol lapanglab, biltanglayotgan baliqlarga hayratla termulgan Donotelo, baliqlarning soqov emasligi, ular nigoxlari yordamida bir birlari bilan nimalar haqidadir oʻzaro muloqat qilishlari, ularni tushunish uchun esa, odamzod qunt bilan oʻqib, baliq tilini oʻrganishi kerak degan piravord, absurd, qat'iy bir xulosaga keladi. Hatto "Baliq tilining ilmiy-nazariy va falsafiy muammolari" mavzusida doktorlik dissertasiyasini yoqlash, baliq tiliga oid qator ilmiy risolalar, darsliklar yozish haqida muttasil oʻylayveradi. Hammadan ham, koʻzguning reaktiv tezligi Donoteloni qattiq hayratlantiradi. Darhaqiqat, koʻzguga qaragan oningiz, aksingiz ham nur tezligida sizga shu ondayoq yalt etib qaraydi. Kulsangiz, kuladi, xoʻmraysangiz, u ham darrov qovogʻini uyadi. Goʻyo koʻzgu ichida sizni zimdan, muntazam kuzatib yuradigan, sizga ikki tomchi suv kabi oʻxshaydigan, eng ogʻir damlarda ham sizdan yuz oʻgirmaydigan, hech qachon sizga xiyonat qilmaydigan mehribon, sadoqatli doʻstingiz, qiyofadoshingiz yashaydiganday tuyulaveradi. Darvoqe'. Koʻzgu chindan ham rostgoʻymi? Yoʻq, albatta. Koʻzgu aldaydi, u hammani laqillatadi.Sizni oʻzingizga chiroyli qilib koʻrsataveradi ya'ni. Yaxshiyam deng, koʻzgu aldaydi. Yoʻqsa, siz oʻzingizning asl basharangizni koʻrib, qoʻrquvdan yuragingiz kech kuzgi bogʻdagii anorday tars yorilib, til tortmay oʻlar edingiz. Agar koʻzgu aldamasa, siz oʻzingizni dunyodagi eng oliyjanob, eng rostgoʻy, eng aqlli, bu olamda bilmaydigan narsasining oʻzi yoʻq daho, faylasuf donishmand olim, farishtaday begunox, mabodo poʻk etib oʻlsa, Jannatga hammadan oldin kirishga shaxsan Yaratganning oʻzidan kafolat olgan moʻ'tabar avliyo xisoblab, koʻzguga laqqa tushib yuravergan boʻlar edingiz. Yolgʻiz odam koʻzguga boqsa, oʻzining yolgʻiz emasligini sezadi, xuddi xovuz ustida uchib yurib, tiniq suvda oʻz aksini koʻrgan va bu sukunatda oʻzimga oʻxshagan yana bir beozor mavjudod parvoz qilmoqda ekan deya oʻylaguvchi qonsiz, rangpar, yuvosh kapalak kabi quvonishi kabi. Koʻzgu oʻz mijozining ichki dunyosini yashiradi. Mijozning moʻriday qorayib yotgan qalbini koʻrib, bilib tursa ham, uni ataylab aldaydi. Yaxshiyam aldaydi. Koʻzguga aylangan odam esa, buning aksi. U oʻz mijozini aldamaydi. Uning qabix va razil kimsa ekanini bilsada, unga: -Xafa boʻlmangu, lekin siz odam emas, xayvonsiz! - deya aytgani jur'at etolmaydi. Boring, ana, aytdi ham deylik. Bu bilan nima oʻzgaradi?Aytgani bilan, uning koʻzguga aylanib qolganidan butunlay bexabar, qabix va razil kimsa; -Ha, toʻgʻri aytasiz, men rostdan ham, muvaqqat mansab -martaba, arzimagan moddiy manfaat uchun bosqinchi yovlarga nafaqat Vatan dorvozalarini ochib beradigan, balki oʻz padari buzrukvorini, qiblagoxini ham qopga solib, olib chiqib berishga tayyor, dunyodagi eng pastkash, iflos, sotqin, qoʻrqoq, baxil, xasadgoʻy, manfur va jirkanch, itemgan valadizinoman -dermidi? Demaydi. Undanda xatarlisi, bordiyu siz hamma haqida doimo yaxshi gaplarni aytib, yo yozib yurgan boʻlsangizu, siz haqingizda bironta odam bir ogʻiz iliq gap aytgani ogʻrinsa, boshingizga ogʻir kunlar tushganda, bir paytlar siz uchun kerak boʻlsa, hech ikkilanmay oʻzini oʻzi xarakiri qilib, soʻyib tashlashga tayyorligini izhor etgan doʻstlaringiz sizdan yuz oʻgirib, koʻchada duch kelib qolsa, koʻrib, koʻrmaganga olib, shundoq yoningizdan oʻtib ketayotgan bir zamon, kutilmaganda, oʻsha siz rostgoʻy, shafqatsiz, bezbet deb biladiganingiz - koʻzgu lop etib, sizning ham dinu diyonatli, vijdonli, jur'at -jasoratli, halol, pokdomon, ya'ni etagi toza, risoladagiday odam ekanligingizni aks etdirib yuborsa, deraza oynalari kir -chir, shiftidan oʻrgimchak inlari osilib turadigan pastak, tashlandiq kulbangizda: -E voh, bu dunyoda men haqimda ham bir ogʻiz iliq gap aytgani ogʻrinmaydigan, zoxiriy va botiniy olamimni roʻyi rost aks etdiradigan mavjudod ham bor ekanku! -deya, jinchiroq shu'lasida goh ulkanlashib, goh qisqarib, devor uzra xunuk lopillayotgan soyangizga qoʻshilib, xoʻrlikdan elkalaringizni silkitib, unsiz yigʻlashingiz, qadr -qimmatingizni biroz boʻlsada joyiga qoʻygan koʻzgudan mangu minnatdor boʻlib, azbaroi xursandchilikdan hech kimga hech narsadan shikoyat qilmay, jimgina joningizni Jabborga topshirib, bu shafqatsiz fano tuprogʻini tark etishingiz hech gap emas. Lekin, negadir, donotelo oʻlishni sira istamaydi, mangu rohat farogʻat maskani Jannatga shoshilmaydi. Qaytaga, Xudodan oʻziga uzoq umr tilaydi. U, oʻylay -oʻylay, oxiri qabariq koʻzgu olomonidan qutilish chorasini topdi va bir tong, kerakli anjomlarni, yozgan chizgan qoʻlyozmalaringizni va oʻzi uchun bebaho boylik, xazina xisoblangan noyob kitoblarini yoʻl qopchigʻiga joylab, birinchi elektrichka bilan qishloqqa qarab joʻnadi. Axir, koʻzguga aylanib qolgan odam uchun "Tez yordam", "Oʻt oʻchiruvchilar komandasi" va polisiya xizmat avtoulovining odam miyasini parmalab teshib, yuragini shishirib, boʻgʻziga tiquvchi daxshatli chinqirigʻidan, zavod fabrikalarning radioaktiv chiqindilari tasiridan, zaharli tutunlaridan holi bahavo qishloq - qrimda chechaklar chamani ochilib yotgan oʻtloqlardagi oʻt - oʻlanlarni, osuda sukunatga halal bermay, unsiz uchganicha, kimsasiz dala yoʻllarini, soʻqmoqlarni paypaslab, dalada oʻsgan yovvoyi gullar dudogʻidan avaylab oʻpib, toshdan, toshga qoʻnguvchi kapalaklarni, chivinlarni dumi va quloqlari yordamida xaydab, tol soyasida rohatdan koʻzlarini yumib, bir maromda kavsh qaytarayotgan sigirlarni, oʻtlashdan bir zum toʻxtab, bir birlariga bosh irgʻaguvchi otlarni, bedanalar sayrayotgan bugʻdoyzorlarni, jarqaldirgʻoch, koʻkqargʻalar teshib, in qurgan, xolland pishlogʻi kabi ilma -teshik daryo jarliklarini, shamollarda sharsharadek shovullaguvchi sohil qamishlarini aks etdirib yashashdan ham ulkanroq baxt bormi bu dunyoda? Shunday xayollar bilan qishloqqa etgach, Donotelo, sakrab elektrichkadan tushdi. Qishloq havosi muzdek, musaffo va yoqimli. donotelo keng dalani kesib oʻtayotib, bugʻdoyzor oralab ketgan ilonizi soʻqmoqda bir zum toʻxtadi va jiydazor tomonda sayrayotgan kakku ohiga quloq tutdi. Soʻng, ufqlarga tutashib ketgan dalalarni, tolzorlarni, bogʻu rogʻlarni oʻzingizda aks etdirib borarkan, kutilmaganda, dala kezib, tezak terib yurgan koʻxlikkina ayolga duch keldi va salom alikdan soʻng, oʻzingizni tanishtirar ekan, oʻz navbatida ayolning ismini soʻradi.
  -Mening ismim Asal-dedi yol, chiroyli jilmayib.
  -Ismingiz jismingiza mos, goʻzal ayol ekansiz. Sizni koʻrib, koʻzlarim qamashib ketganidan sezdimki, siz ham shaffaf va musaffo koʻzguga aylangan odamlar toifasidan ekansiz. Sizni uchratganimdan va tanishganimdan xursandman -dedi Donotelo.
  -E, qoʻysangizchi. Qanaqa koʻzgu? Koʻzgu boʻlsam, allaqachon chil -chil sinib, adoyi tamom boʻlardim -ma'yuslandi Asal.
  -Nega? - ajablandi Donotelo.
  -Chunki erim, har kuni qoʻlida oshpichoq yo oybolta bilan meni xovlima xovli tirqiratib, quvib, bolalarimni chirqiratib, qoʻrqitib, dod degizib, sochlarimdan sudrab, toʻgʻri kelgan joyimga urib, tepib, molday doʻpposlaydi -javob berdi Asal.
  -E, nega uradi? Ursa, indamay turaverasizmi? Qoʻni qoʻshnilarni yordamga chaqirmaysizmi? Uchastkavoy melisa qayoqqa qaraydi? Mahalla komiteti bor. Oqsoqollar eringiznii bunday oʻrtaga olib, nasixat qilib, tartibga chaqirib, esini kiritib qoʻysa boʻlmaydimi? Axir, oybolta bilan sizni chopib, yo oshpichoq bilan chavaqlab qoʻysa nima boʻladi? Yo eringiz ruhiy kasalmilar? -dedi, badtar hayron boʻlib Donotelo.
  -Yoʻq, erim jinni emas, shoir. Yaxshi she'rlar yozadi. Yaqinda bir she'ri "Adabiyot oqshomlari" gazetasida chop etildi -dedi Asal.
  -Vo, shunaqa deng? Eringiz she'r yozsalar, she'ri gazetada chop etilgan boʻlsa, tuppa tuzuk odam ekanku!Moʻmaygina qalam haqi ham olsalar kerak? - dedi, qiziqib, Donotelo.
  -Devoriy gazetada qalam haqi berishmaydi - ma'yus jilmaydi Asal.
  -Ie, devoriy gazetada chiquvmidi she'rlari? Tushunarli -dedi Donotelo. Keyin, davom etdi:
  -Xonim, xafa boʻlmangu, men baribir bu gaplaringizga ishonmayman. Axir, shoir odam oʻz yurish - turishi, odob - axloqi bilan hammaga oʻrnak boʻladigan ziyoliy boʻlsa. ziyoliy odam hech qachon oʻz xotinini doʻpposlamaydi, qoʻlida oshpichoq, oybolta bilan uni xovlima xovli quvmaydi.Faqat ruhan nosogʻlom odamgina shunday qilishi mumkin - dedi u.
  -Bilasizmi, gap shundaki, erim ichkilikka mukkasidan ketgan shisha gʻaribi. Ichkilik ichib olsa, tamom, bir zumda qip -qizil jinniga aylanadi, qoladi. Biron joyda yolchitib ishlamaydi.Toʻgʻrirogʻi, ish beruvchilar uni ishga olgani qoʻrqadilar. Ishxondagi narsalarni oʻgʻirlab olib chiqib, sotib ichib yuboradi yo mastlikda ogʻzidagi sigaret bilan uxlab qolib, korxonga oʻt qoʻyvoradi deya oʻylaydilar. Hullas, erim topganini ichadi. Mening tezak terib, sotib, toʻplagan pullarimni ham tortib olib, ichib qoʻyaveradi. Nima qilay, u alkash bilan shartta ajrashib, biron yoqqa ketib yuboray desam, ikkita qorakoʻz, norasida bolalarim bor.Ularni kimning etagiga solaman? Sabr qilamanda. Peshanom qursin, shoʻr ekan... Erim ichkilik ichgani uchunmi, oilamizda baraka yoʻq. Bolalarimni quruq non -choy bilan boqaman. Issiq ovqat qilgani masalliq qayda?Oyda bir issiq ovqatga ogʻzi tegmaydigan bolalarim yilda bir goʻsht emaydi -dedi Asal, tezak toʻla qanor qop ustida oʻtirganicha, uzoq uzoqlarga gʻamgin termulib.
   -Tushunarli -dedi donotelo, savol berganingizga ham qattiq pushaymon boʻlib, shoʻrpeshona ayolga va uning bechora farzandlariga ich - ichidan achinib.
  Asal yana nimadir demoqchi boʻlib, ogʻiz jaftlagan payt, kutilmaganda yiqilib, qoqilib, turtinib kelayotgan erini koʻrib, esxonasi chiqdi.
  -Voy, erim kelyapti. Qoching! U sizni oʻldirib qoʻyishi mumkin! -dedi, daxshat ichra rangi boʻzday oqarib, Asal, Donoteloni yaqinlashib kelayotgan xatardan ogoxlantirib.
  Donotelo, garchand oʻzining musht tegsa chil chil sinishi mumkin boʻlgan omonat va shaffof koʻzguga aylanganni bilsada, jafokash ayol Asalni tashalab, qochib ketishga uyaldi.
  Bu oarda Asalning eri qoʻlida yarim kilocha keladigan tosh bilan baqira boshladi.
  -Vay, maraaaaaz! "Men sizga hech qachon xiyonat qilmaganman, bundan keyin ham xiyonat qilmayman" -deya qasam ichgan edingku, qanjiq! Kim bu isqirt?! Kim deyapman senga! Tezroq javob ber, manjalaqi!.. Kimsan, ey, xayvon! Nega mening xotinimga gap otyapsan?! Seni duelga chaqiraman! Ma'lumoting uchun, hamma buyuk shoirlar duelda oʻlgan! Men ham sen bilan boʻladigan duelda shaxidi Karbalo boʻlmoqchiman!Sekundantingni yolla!..Revolverning keragi yoʻq! Seni shu oddiy tosh bilan asfalasofinga joʻnataman! -dedi, qoʻlidagi yarim kilocha keladigan toshni otishga shaylanarkan, mastlikdan koʻzlari goʻlaygan Asalning eri.
  Donotelo mayxoʻrning qoʻlidagi yarim kilocha keladigan vazmin toshga havotili qararkan: - Omonat koʻzguga aylanib qolmaganingizda ham boshqa gap edi -deya xayolidan oʻtkazdi. Keyin tarixiy fojiyaning oldini olish maqsadida, Asalning erini insofga chaqirib, shosha -pisha gapira boshladi.
  -Oʻzingizni bosing, janob! Extirosga berilmang! Men shunchaki shahardan kelgan bir mehmon. Xotiningizdan yoʻl soʻrab turgan edim. Iltimos, qoʻlingizdagi toshni tashlang!..Birodar, haygi, nima desam ekan?.. Qisqasi, men, yaqinda Xudoning qudrati bilan koʻzuga aylanib qolganman! Tushunyapsizmi?! Menga tosh tegsa tamom. Chil -chil sinib, shundoq koʻz oʻngingizda bir xalta shisha sinigʻiga aylanishim mumkin! Siz otmoqchi boʻlib turgan narsa qimmatbaho tosh, ya'ni olmosmi, oltinmi boʻlsa ham mayli edi -dedi, hamon mayxoʻrning qoʻlidagi toshdan koʻzlarini uzmay, Donotelo, havotir ichra.
  Shu mahal Asalning eri: -Kuf -suf, kala kala suf! - deya toshga dam soladi. Soʻng: -Mening qoʻlim emas, yovlar Mavaraunnahrga bostirib kelgan mahal bir oʻzi minglab bosqinchilarni tosh bilan urib oʻldirgan qahramon bobomiz Muqbil toshotar hazratlarining qoʻli! -deya baqirganicha, bor kuchini safarbar qilib, qulochkashlab turib, qoʻlidagi toshni Donoteloga qarata otdi. Bu payt, ming afsus va nadomatlar boʻlsinki, Donotelo uchun qochishning deyarli imkoni qolmadi.
  Asalning turmush oʻrtogʻi qulochkashlab otgan tosh kutilmaganda aniq moʻljalgga tegar ekan, donoteloning boshi aravadan erga tushgan tarvuzday tars etib yorildi va u xushini yoʻqotib, oʻt -oʻlanlar ustiga gursillab quladi. Mayxoʻr, goʻyo hech narsa boʻlmaganday, "Voydod, kim booor?! Musulmonlar! Yordam beringlaaar! -deya orqa - oldiga qaramay qochib borayotgan shoʻrlik xotinining ortidan quvlab ketdi.
  Donotelo, koʻm -koʻk, poyonsiz koʻm -koʻk osmonda jamalak yungli qoʻylar podasiga oʻxshash shoshqin bulutlarga hayratla termuldi. Sevinchdan koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.
  -Hayriyat! Men koʻzgu emas ekanman! Mayxoʻr otgan tosh buni isbotladi! Men ham odam ekanman, odam! Endi Vatanimga yovlar bostirib kelsa, "Menga nima? Urushga qoʻshnim boraqolsin. Men voqealarni bir chetdan jimgina kuzatib turaman. Qaysi tomon kuchli kelsa, oʻsha tomonga oʻtib olaman" deya payt poylamayman! Har bir qadamimni koʻzgudagiday koʻrib, kuzatib turgan Xudoi Taoloni aldashga harakat qilmayman! Men bir xalta shisha sinigʻi emas, oʻz Vatanining Milliy Mustaqilligini, uning xududiy yaxlitligini saqlab qolish yoʻlida bosqinchi yovlarga qarshi koʻksini qalqon qilib, mardona kurasha oladigan sodiq oʻgʻlon, jur'at - jasoratli Vatan himoyachisi ekanman! -dedi u, borliqni savalab yogʻayotgan bahor yomgʻirlari kabi pichirlab...
  
  
  
  17-06-2024.
  Kech soat 8:10.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
 Ваша оценка:

Связаться с программистом сайта.

Новые книги авторов СИ, вышедшие из печати:
О.Болдырева "Крадуш. Чужие души" М.Николаев "Вторжение на Землю"

Как попасть в этoт список

Кожевенное мастерство | Сайт "Художники" | Доска об'явлений "Книги"